2025-10-13
“Bir million sun’iy intellekt foydalanuvchilari” dasturi amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sunʼiy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2024-yil 14-oktabrdagi PQ–358-son qaroriga muvofiq sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha aholining bilim va ko‘nikmalarini oshirish, kadrlar salohiyatini rivojlantirish hamda yoshlar orasida sun’iy intellekt texnologiyalarini ommalashtirish maqsadida Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan aistudy.uz sun’iy intellekt sohasida ta’lim dasturlari platformasi ishlab chiqilgan.
Mazkur platforma turli toifadagi foydalanuvchilar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda maktab o‘quvchilari va talabalar, davlat organlari va tashkilotlari xodimlari hamda xususiy sektor mutaxassislari sun’iy intellekt sohasida ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari mumkin. Shuningdek, ushbu platformada “Bir million sun’iy intellekt foydalanuvchilari” dasturi amalga oshirilmoqda. Bu dastur orqali mamlakatimizda zamonaviy sun’iy intellekt modellari va texnologiyalaridan, ularni tushinib, o‘z ish va o‘qishlarida to‘g‘ri va samarali foydalanuvchilar sonini bir millionga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Shu maqsadda Fanlar Akademiyasi Seysmologiya instituti xodimlari ham aistudy.uz SI sohasidagi ta’lim dasturlari platformasi bilan tanishib chiqdi. Unga ko‘ra ushbu platformada SI va undan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha bir qancha kurslar mavjud bo‘lib, institut xodimlari “One Million Prompters” ya’ni “Bir million SI foydalanuvchilari” kursini o‘qib, SI sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishni maqsad qilishdi.
Bu kurs 4 ta asosiy moduldan iborat bo‘lib, dastlab BAAning sun’iy intellekt bo‘yicha davlat vaziri Umar bin Sulton Al Olamani nutqi bilan boshlanadi va quyidagi modullardan tashkil topgan:
1-modul. Sun’iy intellekt kuchini kashf etish.
Kelajak uchun sun’iy intellekt, generativ sun’iy intellekt va prompt savodxonligi asoslarini o‘zlashtirasiz. SI haqidagi tushunmovchiliklarni bartaraf etib, sun’iy intellekt asoslari, uning qanday ishlashi va prompt savodxonligining muhim roli bilan tanishasiz. Ushbu modul sizga turli sohalarda SI ta’siri va imkoniyatlarini tushunishda mustahkam poydevor bo‘ladi. Texnologiyalar kelajagini ochishga tayyor bo‘ling!
2-modul. Sun’iy intellekt chatbotlari bilan suhbatlarni boshqarish.
Inson va sun’iy intellekt o‘rtasidagi muloqot kelajagini ilg‘or prompt muhandisligi bilan shakllantirasiz. SI chat-botlar bilan samarali promptlar orqali muloqot qilish san’atini egallaysiz. Turli ilovalar uchun SI javoblarini moslashtirishni o‘rganasiz va ChatGPT, Copilot, Gemini va Claude kabi mashhur vositalar bilan amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etasiz. Sun’iy intellekt bilan muloqot qilish ko‘nikmalaringizni yangi darajaga olib chiqing!
3-modul. Sun’iy intellekt asosidagi samaradorlik inqilobi.
Har bir ofis vazifasi uchun mo‘ljallangan sun’iy intellekt vositalari bilan ish jarayoningizni tezlashtirasiz. SI yordamida vazifalarni avtomatlashtirib, unumdorlikni oshirasiz, kundalik ishingizni qanday o‘zgartirishingiz mumkinligini o‘rganasiz. Ushbu modul elektron pochta, ma’lumotlar tahlili va boshqa ko‘plab sohalar uchun amaliy SI vositalarini qamrab oladi va sizni yuqori samaradorlik darajasiga olib chiqadi. Ish jarayoningizni sun’iy intellekt yordamida butunlay o‘zgartiring!
4-modul. Kreativ Industiyada generativ sun’iy intellekt.
San’at, musiqa va videoni ilg‘or sun’iy intellekt texnologiyalari bilan o‘zgartirishingiz mumkin. Ijodiy sun’iy intellekt olamiga qadam qo‘yasiz — bu yerda siz ajoyib san’at asarlari, musiqa va videolar yaratishingiz mumkin. Midjourney, DALL-E, Suno.ai va Runway Ml kabi ilg‘or SI vositalaridan foydalanishni o‘rganib va o‘z g‘oyalaringizni hayotga tatbiq etishingiz mumkin. Ilg‘or texnologiyalar bilan ijodkorlik mahoratingizni oshiring!
Quyida keltirilgan qadamlarni bajarib siz aistudy.uz platformasining “Bir million sun’iy intellekt foydalanuvchilari” kursini boshlashingiz mumkin.
1-qadam. Web browserlar orqali aistudy.uz platformasiga kirib, “Kurslar” bo‘limiga o‘tasiz va quyidagicha oyna ochiladi:
aistudy.uz platformasining SI sohasidagi kurslari.
2-qadam. Ushbu oynadan siz o‘zingizga kerak bo‘lgan “One Million Prompters” kursini tanlaysiz va ro‘yxatdan o‘tib, kursni boshlash orqali O‘zbekistonning “Bir million sun’iy intellekt foydalanuvchilari” safiga qo‘shilasiz